Seleksiya yutug'iga O'zbekiston Respublikasi patentining amal qilishini uzaytirish QOIDALARI
(O'zbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi direktorining 2008 yil 25 martdagi 13-sonli buyrug'i bilan tasdiqlangan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2008 yil 16 aprelida 1793-son bilan
ro‘yxatga olingan)
Seleksiya yutug'iga O'zbekiston Respublikasi patentining amal qilishini uzaytirish qoidalari (bundan buyon matnda Qoidalar deb yuritiladi) "Seleksiya yutuqlari to'g'risida" O'zbekiston Respublikasi Qonuniga (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) (O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2002 yil 17-18-son, 127-modda) muvofiq o'simlik navi va hayvon zotiga O'zbekiston Respublikasi patentining amal qilishini uzaytirish tartibini belgilaydi.
1-§. Umumiy qoidalar
1. Qonunning 14-moddasiga muvofiq seleksiya yutug'iga patentning amal qilish muddati seleksiya yutug'i tegishli davlat reestrida ro'yxatga olingan sanadan e'tiboran yigirma yilga teng. Tok, yog'ochbop, manzarali, mevali daraxtlar va o'rmon daraxtlarining navlari, shu jumladan ularning payvandtaglari uchun, bu muddat yigirma besh yilni tashkil etadi.
Patentning amal qilish muddati patent egasining iltimosnomasiga binoan ko'pi bilan o'n yilga uzaytirilishi mumkin.
2. Seleksiya yutug'iga patentning amal qilishini uzaytirish to'g'risidagi iltimosnoma O'zbekiston Respublikasi Davlat patent idorasiga (bundan buyon matnda Patent idorasi deb yuritiladi) patentning amal qilishi tugagunga qadar so'ngi uch oy ichida yoki patentning amal qilishi tugagandan keyin olti oy ichida qo'shimcha patent bojini to'lash sharti bilan beriladi.
3. Seleksiya yutug'iga patentning amal qilishini uzaytirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda patent boji to'lanadi.
4. Seleksiya yutug'iga patentning (bundan buyon matnda patent deb yuritiladi) amal qilishini uzaytirishga doir ishlarni yuritish mustaqil ravishda patent egasi tomonidan, vakolati qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma bilan tasdiqlanadigan vakil yoki patent vakili orqali amalga oshiriladi.
2-§. Iltimosnomani berish va ko'rib chiqish
5. Patentning amal qilishini uzaytirish to'g'risidagi iltimosnoma mazkur Qoidalarga ilovada keltirilgan shakl bo'yicha taqdim etiladi.
Iltimosnoma patent egasi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Yuridik shaxs nomidan iltimosnoma lavozimi ko'rsatilgan holda rahbar tomonidan imzolanadi. Imzo muhr bilan tasdiqlanadi.
6. Seleksiya yutug'iga patentning amal qilishini uzaytirish to'g'risidagi iltimosnomaga patentning amal qilishini uzaytirish uchun belgilangan miqdorda patent boji to'langanligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
Belgilangan miqdorda patent boji to'langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmaganida iltimosnomani ko'rib chiqishga doir yuridik ahamiyatga ega harakatlar amalga oshirilmaydi.
7. Zaruriyat bo'lganida iltimosnomaga vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma, shuningdek vorislik huquqi yoki merosga bo'lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
8. Iltimosnoma va unga ilova qilinadigan hujjatlar Patent idorasiga bevosita beriladi yoki pochta orqali yuboriladi.
9. Ishonchnoma va unga ilova qilinadigan hujjatlar kelib tushgan kundan boshlab o'n besh kunlik muddat ichida barcha kerakli hujjatlarning mavjudligi va ularning Ushbu Qoidalarnyng 1-8-bandlarida belgilangan talablarga mos kelishi tekshiriladi.
10. Ushbu Qoidalarning 5-7-bandlarida ko'rsatib o'tilgan kerakli hujjatlar mavjud bo'lmagan va/yoki noto'g'ri rasmiylashtirilgan takdirda, patent egasiga mavjud bo'lmagan va/yoki tuzatilgan hujjatlarni so'rovnoma jo'natilgan sanadan boshlab uch oy ichida taqdim etish zarurligi to'g'risida
so'rovnoma yuboriladi. Bunda ishonchnomani ko'rib chiqishning belgilangan muddatining o'tishi etishmayotgan yoki tuzatilgan hujjatlarning oxirgisi kelib tushgunga qadar to'xtatib turiladi.
11. Taqdim etilgan hujjatlar mazkur Qoidalarning talablariga mos kelganida patentning amal qilishi uzaytiriladi.
Patentning amal qilishini uzaytirish to'g'risidagi ma'lumotlar tegishli Davlat reestriga kiritiladi va Patent idorasining rasmiy byulletenida e'lon qilinadi. Patent egasiga patentning amal qilishi uzaytirilganligi to'g'risidagi yozuvli "Patentga ilova" yuboriladi.
12. Taqdim etilgan hujjatlar mazkur Qoidalarning talablariga mos kelmaganida, shuningdek tuzatilgan yoki yetishmayotgan hujjatlar belgilangan muddatda taqdim etilmagan taqdirda Patent idorasi patent egasiga iltimosnomani qanoatlantirish rad etilganligi to'g'risidagi rad etish asoslari ko'rsatilgan bildirishnomani yuboradi.